O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 mart sanasidagi “Mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish va 2021 yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish to‘g‘risida”gi 121-sonli qaroriga muvofiq, Toshkent viloyatida 2021 yil hosili uchun 72 ming gektardan ortiq maydonda g‘o‘za parvarish qilinmoqda.
Barchamizga maʼlumki, dunyo dehqonchiligida har yili yetishtiriladigan ekinlarning kasallik, zararkunanda hamda hasharotlar bilan zararlanishi kuzatiladi va ularga qarshi kurashish maqsadida ko‘plab mablag‘lar sarflanadi.
Bu kabi holatlarni oldini olish maqsadida, Respublikamizda ham o‘simlik zararkunandalari va hasharotlariga qarshi kurash ishlari olib borilmoqda. Ushbu tadbirlarning maqbul muddat va meʼyorlarda, sifatli amalga oshirilishi “O‘zagroinspeksiya” tomonidan doimiy nazorat qilib borilmoqda.
Xususan, “O‘zagroinspeksi”yaning Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan g‘o‘za maydonlarida zararkunanda va hasharotlarga qarshi kurashish ishlari bugungi kunda to‘liq nazoratga olingan.
Jumladan, viloyatda zararkunanda va hasharotlarga qarshi biologik kurash ishlarini amalga oshirish maqsadida 37 ta biolaboratoriyalar faoliyati tashkil etilgan.
Ushbu biolaboratoriyalar tomonidan mavsum davomida 426,4 kg trixogramma, 266,3 mln dona brakon hamda 360,7 mln dona oltinko‘z ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kun holatiga 90 foiz trixogramma, 73 foiz brakon va 72 foiz oltinko‘z biomahsulotlari ishlab chiqarilib, g‘o‘za maydonlariga tarqatilgan.
Bundan tashqari, viloyatda zarur hollarda g‘o‘za zararkunanda va hasharotlariga qarshi kurashish ishlarini olib borish uchun kimyoviy vositalar zaxirasini yaratish ishlari ham Inspeksiyaning viloyat boshqarmasining to‘liq nazoratida.
Viloyatda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda zararkunanda va hasharotlarga qarshi kurashish bo‘yicha biomahsulotlar ishlab chiqarilishi hamda kimyoviy vositalar zaxirasining yaratilishi, saqlanishi va qo‘llash ishlari ustidan “O‘zagroinspeksiya”ning Toshkent viloyati boshqarmasi hamda tuman bo‘lim inspektorlari tomonidan doimiy nazorat tadbirlari amalga oshirilib, o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va qonunbuzilishi holatlari yuzasidan belgilangan tartibda taʼsir choralari qo‘llanilishi va aniqlangan xato-kamchiliklarning bartaraf etilishi taʼminlanmoqda.
S.Sadikov, Inspeksiyaning Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i,
A.Mo‘minov, Katta inspektor