Ру Ўз O`z En

Jizzax viloyati: Urug‘lik chigit tayyorlash ishlari nazoratda

9 Mart 2022 2037

Ko‘p fursat o‘tmay, yurtimiz dehqonlari zaminga chigit urug‘i qadashni boshlaydilar. Bu yil Jizzax viloyatdagi paxtachilik tumanlarida 77 ming 900 gektar maydonda paxta yetishtirish rejalashtirilgan bo‘lib, buning uchun 3 ming 141 tonna urug‘lik chigiti zarurligi hisob-kitob qilingan.

"O‘zagroinspeksiya"ning Jizzax viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlarga ko‘ra, hozirga qadar 2022 yil hosili uchun paxta – to‘qimachilik klasterlari tomonidan amalda 3 ming 182 tonna hudud tuproq iqlim sharoitiga mos, ertapishar va hosildor navli urug‘lik chigit tayyorlandi. Yaʼni, Arnasoy tumanida 160 tonna, Sh.Rashidoov tumanida 402 tonna, Do‘stlik tumanida 747 tonna, Zarbdorda 305 tonna, Zafarobodda 349 tonna, Mirzacho‘lda 536 tonna va Paxtakor tumanida 683 tonna urug‘lik chigit ekish uchun tayyorlangan.

 -Urug‘lik chigitni tozalash, saralash, tuksizlantirish va dorilash tadbirlari “O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan doimiy monitoring qilib borilmoqda, deydi Inspeksiyaning Jizzax viloyat boshqarmasi bosh inspektori O‘.Qarshiboyev. –Xususan, mavsum davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan urug‘lik chigitni tayyorlovchi mavjud paxta-to‘qimachilik klasterlarining tegishli paxta tozalash korxonalarini sozlash hamda mavjud dorilash sexlarini mavsumga hozirlash va urug‘lik chigitni sifatli qilib tayyorlash ishlari nazoratga olingan.  Inspeksiya qoshidagi “Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi” davlat unitar korxonasining viloyat filiali mutaxassislari esa davlat standarti talablari asosida urug‘lik chigitni qayta ishlanayotganligi, sifatli dorilanayotganligini tahlil qilib bormoqda.

Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishi va taʼminotini nazorat qilish bo‘limi inspektorlari tomonidan urug‘lik paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari, urug‘lik paxta qabul qiluvchi va qayta ishlovchi korxonalarda sara urug‘ olish maqsadida paxta urug‘lari yetishtirishni nazorat qilish sohasida 46 ta nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Shundan 2 tasi tekshirishlarni tashkil qilib, ushbu tadbir belgilangan tartibda xabardor qilish tartibida amalga oshirilgan.

Nazorat tadbirlari davomida aniqlangan holatlar bo‘yicha kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan masʼullarga 53 ta yozma ko‘rsatma va 3 ta ogohlantiruv xatlari berilgan. Shuningdek, aniqlangan holatlar to‘g‘risida 6 ta taqdimnoma kiritilib, 1 ta maʼmuriy qaror qabul qilingan. Bundan tashqari, qonuniy qaror qabul qilish uchun yana 1 ta material qonuniy qaror qabul qilish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yaʼni, Sudga taqdim qilingan.

Bugungi kunda ham bu kabi mavsumiy ishlar davom etib, inspektorlar tomonidan ushbu tadbirlar nazorat qilib borilmoqda.

O‘zagroinspeksiyaning Jizzax viloyat boshqarmasi Axborot xizmati

Text to speech