O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 yanvardagi “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4576-sonli qarori asosida, klaster korxonalari va naslchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklariga chetdan keltiriladigan naslli qoramol, qo‘y va echkilar uchun imtiyoz berilishi qoramollar naslini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Mazkur qaror ijrosini o‘z vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida, “O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan tizimli ravishda nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.
O‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida, chorvachilikda naslchilik ishini takomillashtirish, keltirilayotgan chorva mollari hisob-kitobini yuritish, chorva mollari uchun mustahkam ozuqa bazasini shakllantirish, fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalari rahbarlarining huquqiy bilimlarini yana-da oshirish singari muhim masalalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan Paxtachi tumanida ham chorvachilikda naslchilik ishi tubdan takomillashmoqda. Birgina o‘tgan 2021 yilda tumanda yirik shoxli qoramollar bosh soni 93 ming 900 boshga, shundan sigirlar 34 ming 924 bosh, qo‘y va echkilar 203 ming 701 bosh hamda parrandalar 311 ming boshga ko‘paydi.
Shuningdek, chorvachilikka ixtisoslashgan 154 ta fermer xo‘jaliklarida 468 bosh qoramollar parvarishlanmoqda. Fermer xo‘jaliklari tomonidan o‘tgan yili 24 tonna go‘sht, 1 ming 71 tonna sut, 36 mln 196 ming dona tuxum hamda 1068,2 tonna baliq mahsulotlari ishlab chiqarildi. Mazkur naslchilik fermer xo‘jaliklar tomonidan 163 bosh naslli qoramollar va 3517 bosh naslli qo‘ylar aholi va fermer xo‘jaliklariga yetkazib berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 yanvardagi “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4576-sonli qarori asosida, klaster korxonalari va naslchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklariga chetdan keltiriladigan naslli qoramol, qo‘y va echkilar uchun imtiyoz berilishi samarasi o‘laroq o‘tgan yilda tumanga 2 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan Gollandiya davlatidan 94 bosh naslli g‘unajinlar olib kelindi.
Bu borada joriy yilda ham rejalar ulkan. 2022 yilda chorvachilik yo‘nalishida umumiy qiymati 24 mlrd 342 mln so‘mlik 21 ta yangi loyihalar dasturga kiritilgan bo‘lib, ijrosi yuzasidan jiddiy nazorat o‘rnatilgan.
G‘ulom Qurbonov, “O‘zagroinspeksiya”ning Paxtachi tuman bo‘limi boshlig‘i