Joriy yilda o‘tkazilgan tender tanlovlarida g‘olib deb topilgan 159 nafar fermer xo‘jaliklarining 8841 gektar urug‘lik maydonlarida g‘o‘za parvarishi olib borilib, viloyatning tuproq-iqlim sharoitiga mos bo‘lgan serhosil Mehnat, Xorazm-150 va Xorazm-127 kabi g‘o‘za navlarining original, elita va avlodli urug‘liklaridan urug‘lik paxta jamg‘arilishi rejalashtirilgan.
Shu maqsadda viloyatning Xiva tumanida joylashgan “Xiva elita urug‘chilik xo‘jaligi” masʼuliyati cheklangan jamiyatida joriy yilning 10-avgust kuni urug‘lik paxta maydonlarida aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rgazmali o‘quv-seminar o‘tkazildi. Seminarda urug‘lik paxta aprobatsiyasini o‘tkazishga masʼul bo‘lgan tumanlar aprabatorlari, bosh aprobatorlar yordamchilari, olim aprobatorlar hamda O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlaridagi sohaga masʼul bo‘lgan mutaxassislar ishtirok etishdi.
O‘quv seminari davomida viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i A.Jimalyazov so‘zga chiqib, 2023-yil urug‘lik paxta maydonlarida o‘tkaziladigan dala aprobatsiya ishlarini sifatli amalga oshirish masalalari xususida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir davomida, Qishloq xo‘jaligi vazirligining joriy yil 7-avgustda qabul qilingan «Urug‘lik paxta maydonlarida dala aprabatsiya ko‘rigini o‘tkazish to‘g‘risida»gi 146-sonli buyrug‘ida belgilab berilgan vazifalar, xususan, aprobatsiya tadbirini 2023-yil 25-avgustga qadar to‘liq yakunlab, umumlashtirilgan hisobotlarni tasdiqlangan holda Urug‘chilikni rivojlantirish markazining viloyat boshqarmasiga taqdim qilinishini taʼminlash topshirildi.
Shuningdek, seminarda O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari N.Ismailov so‘zga chiqib, urug‘lik maydonlarida dala aprobatsiyasini normativ-huquqiy hujjatlar talablari asosida o‘tkazilishi nazorat qilib borilishini va ushbu talablarga rioya qilmagan yoki kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan taqdirda qonunchilikda belgilangan tartibda choralar qo‘llanilishi xususida to‘xtaldi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari va aprobatorlarga g‘o‘za aprobatsiyasi tadbirini Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktyabrdagi 641-sonli qarori 3-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizom talablariga asosan amalga oshirilishi kerakligi tushuntirildi.
Maʼlumot o‘rnida shuni alohida taʼkidlash lozimki, joriy yilda viloyatimizda barcha turdagi urug‘lik yetishtiruvchi subyektlar (maxsus EUXlar, ITI lar va fermer xo‘jaliklari) tomonidan qariyb 9 ming gektar maydonda urug‘lik jamg‘arish maqsadida g‘o‘za parvarishi olib borildi. Ushbu urug‘lik maydonlarining 176 gektaridan elita avlodli, 2,3 ming gektaridan 1-avlodli va 6,6 ming gektaridan esa 2-avlodli urug‘lik paxta jamg‘arilishi belgilangan.
Bugungi kunda O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan barcha turdagi urug‘lik yetishtiruvchi subyektlarga va bosh aprobatorlarga qonunchilik talablariga rioya qilinishi yuzasidan tegishli tartibda ogohlantirish xatlari kiritilishi taʼminlandi.
X.Sabirov— Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larining yetishtirilishini nazorat qilish sho‘basi boshlig‘i