Xalqmizda “Sara urug‘ – mo‘l hosil garovi” degan naql bor. Tajribali, mirishkor-paxtakorlar taʼbiri bilan aytganda, paxtadan mo‘l hosil olishda avvalo yerga qadaladigan urug‘lik chigitning sifati muhim ahamiyatga ega.
Shu bois, ayni kunlarda mamlakatimizda urug‘lik chigitni tozalash-saralash, tuksizlantirish hamda qishloq xo‘jalik ekinlarining kasallik va zararkunandalariga qarshi dorilash ishlari amalga oshirilmoqda.
Qashqadaryolik dehqonlar tomonidan 2023-yilda 12 ming 229 tonna sifatli urug‘lik paxta hosili yetishtirildi. Joriy yilda 133 ming 200 gektar maydonga g‘o‘zaning iqlim sharoitiga mos, ertapishar Buxora-102, Porloq-4, Buxora-10, Ravnaq-2 hamda s-82-90 navlari ekilishi mo‘ljallanmoqda.
Ayni kunlarda 2024-yil paxta hosili uchun asosiy urug‘lik fondini hisobga olgan holda 5 ming 873 tonna urug‘lik chigitni tozalash-saralash, tuksizlantirish va qishloq xo‘jalik ekinlari kasallik va zararkunandalariga qarshi dorilash ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, Koson tumanidagi “Bunyodkor” MCHJga qarashli urug‘lik chigit tayyorlash sexida ham hosildorlikning muhim omillaridan biri bo‘lgan ushbu tadbirni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun barcha zaruriy choralar ko‘rilgan. Sexga xorijdan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatilgani urug‘lik chigit sifati va ishlab chiqarish hajmining keskin oshishida muhim omil bo‘lmoqda. Urug‘lik chigitlarni qadoqlash uchun yetarli miqdorda qop va yorliqlar, kimyoviy preparatlar zaxirasi yaratilgan.
Bir kunda 216-tonna tukli, 80-tonna tuksiz urug‘ saralanyapti. Ayni jarayonlarni doimiy monitoring qilib borilmoqda. Masʼul mutasaddilarga qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan profilaktik tushuntirishlar hamda ko‘rsatma va ogohlantirishlar berildi.
O‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida, g‘o‘zani kasallik va zararkunandalardan himoya qilishda urug‘lik chigitni dorilashning ahamiyati va uni sifatli o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar berilmoqda.
Albatta, belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi joriy yilda viloyat mirishkorlari tomonidan paxtadan yuqori hosil olinishiga zamin yaratadi.
X. Esanov, “O‘zagroinspeksiya” Qashqadaryo viloyat boshqarmasi