Sohani tartibga soluvchi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga ko‘ra, paxta, boshoqli don va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini tayyorlash, qayta ishlash hamda saqlash bo‘yicha talablarga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga yuklatilgan.
Shunga ko‘ra, Paxta urug‘chiligi yo‘nalishida 2024 yil hosili uchun hududlardagi 2 ming 917 ta qishloq xo‘jaligi subyektlarining 94 ming gektar mahalliy navlarning urug‘lik g‘o‘za maydonlarida aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazish bo‘yicha reja belgilangan bo‘lib, joriy yilning 30-avgust holatiga barcha urug‘lik g‘o‘za maydonlarida aprobatsiya ko‘rigi o‘tkazilib, ushbu maydonlardan 83 ming 43 gektari urug‘lik olish uchun yaroqli deb topilgan, 10,7 ming gektar yoki 11 foiz maydonlar navdorligi past, rivojlanishdan ortda qolgan, chanqagan, agrotexnik tadbirlar buzilgan va boshqa sabablarga ko‘ra yaroqsiz deb topilgan va tegishli tartibda dalolatnomalar rasmiylashtirildi.
Respublika hududlaridagi urug‘lik uchun tanlab olingan 256 ta qishloq xo‘jaligi subyektlarining 7, 6 ming gektar urug‘lik paxta maydonlarida chetdan olib kelingan xorijiy navlarda aprobatsiya tadbiri Buxoro, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida boshlanib, bugungi kunda 35 ta fermer xo‘jaliklarining 1 ming 145 gektar maydonlarida o‘tkazildi.
Shundan, (29 tasida ) 839 gektar yaroqli, (12 tasida ) 294 gektarida yaroqsiz yaʼni rivojdan orkada qolgan deb topilgan.
Urug‘lik don yo‘nalishi bo‘yicha:
Inspeksiya tomonidan 2025-yil hosili uchun urug‘lik don tayyorlash ishlari nazorat qilib borilmoqda.
Xususan, 84 ta, shundan Don korxonalarining 38 ta, klasterlarga qarashli 9 ta, Urug‘chilikni rivojlantiri markazi tizimidagi 19 ta, EUXlarning 7 ta, ITI va Xususiy korxonalarning 11 ta urug‘lik sexlarida urug‘lik donni tozalash, saralash, dorilash va qadoqlash shu bilan birga sifatli saqlanishi nazorat qilib borilmoqda.
Shu kunga qadar 161 ming 247 tonna yoki 60 foiz urug‘lik don qayta ishlab, tayyorlangan.
Joriy yil hosilidan jamg‘arilgan hamda 2023-yil ekishdan ortib qolgan urug‘liklarni sertifikatlash ishlari nazoratga olingan bo‘lib, bugunga qadar urug‘lik don to‘dalarining 101 ming tonnasidan ekinboplik sifat ko‘rsatkichlarini tahlil qilish uchun namunalar tanlab olingan, shundan 80 ming tonnasiga ekish uchun yaroqliligi to‘g‘risida muvofiqlik sertifikati va 4 ming tonnasiga yaroqsizligi to‘g‘risida hujjatlar berilgan, qolgan 16,5 ming tonnasida laboratoriya tahlillari davom ettirilmoqda.
Shu bilan birga, 2025-yil hosilidan boshoqli don yetishtiruvchi xo‘jaliklarga qulay masofada 150 ta urug‘lik don tarqatish shoxobchalari tashkil qilindi.
Ushbu shoxobchalar orqali hududlarda ekilishi belgilangan, ekinboplik sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha muvofiqligi to‘g‘risidagi sertifikati mavjud hamda sifatli tayyorlangan urug‘liklarni ekish uchun tarqatilishini nazorat qilib borilmoqda. shu kunga qadar ekish uchun xo‘jaliklarga 6,8 ming tonna urug‘lik don yetkazib berilishi taʼminlandi.
"O‘zagroinspeksiya" Axborot xizmati