O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi “Paxtachilikda yuqori samarali intensiv agrotexnologiyalarni qo‘llash va xorijiy g‘o‘za navlari maydonlarini kengaytirishning qo‘shimcha chora tadbirlari to‘g‘risida”gi 43-son qarorida bir qator vazifalar belgilab qo‘yilgan.
Ushbu vazifalar ijrosi yuzasidan Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumani “Zarbdor” fermer xo‘jaligi dalasida O‘zagroinspeksiya, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi viloyat bo‘limi, Respublika Paxtachilik kengashi xodimlari hamda intensiv agrotexnologiya asosida xorijiy g‘o‘za navlarini eggan 60 dan ortiq fermer xo‘jalik rahbarlari ishtirokida ko‘rgazmali seminar tashkil qilindi.
Tadbir davomida xorijiy g‘o‘za navlarini yetishtirishda mineral o‘g‘itlarni agrokimyoviy kartogrammalar asosida qo‘llash, tomchilatib sug‘orishning afzalliklari, “boshpana” zonalarining tashkil qilinishi va urug‘lik yetishtirish maqsadida ekilgan maydonlarda kechiktirib bo‘lmaydigan agrotexnik tadbirlar xususida soha mutaxassislari tomonidan batafsil ma’lumotlar berib o‘tildi.
Xususan, ayrim fermer xo‘jaliklarida mazkur intensiv agrotexnologiyaning qo‘llanilishida plyonkaning qalinligi inobatga olinmagani, chigit ekish moslamalarining to‘g‘ri rostlanmaganligi oqibatida qatqaloq vujudga kelgani yoki ayrim joylarda belgilangan ko‘chat sonining ta’minlanmagani tanqidiy tahlil qilib o‘tildi. Bu kabi e’tiborsizlik paxtachilikda yuqori hosil olinishiga zamin yaratish maqsadida joriy qilinayotgan mazkur agrotexnologiyaning ommalashishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tanqidiy muhokama qilindi.
Shuningdek, begona o‘tlarga qarshi ishlovlarni amalga oshirishda vakolatli tashkilotlar tomonidan tavsiya etiladigan gerbitsidlar bilan ishlov o‘tkazish hamda qator orasi 76 sm tartibida ekilgan maydonlarda g‘o‘zani g‘ovlab ketishining oldini olish maqsadida 2-3 chinbarg, shonalash va gullash davrlarida o‘sishni boshqaruvchi biostimulyatorlar bilan ishlovlarni o‘tkazish tavsiya etildi.
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan, mavsum davomida hududlarda g‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi nazoratga olinadi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Xorazm viloyati boshqarmasi