Ру Ўз O`z En

Ko‘hna Samarqand shahriga sayohat tashkil etildi.

8 Iyul 2024 1371

“O‘zagroinspeksiya” Qashqdaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘ining qo‘llab-quvvatlashi  hamda viloyat Kasaba uyushmasi tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligi sohasi mehnat jamoalarida uzoq yillar davomida faoliyat olib borayotgan xodimlar, faollar, xotin-qizlar va mehnat faxriylari uchun o‘zining boy tarixiy va madaniy merosiga ega bo‘lgan, qadimiy va hamisha navqiron bo‘lmish ko‘hna Samarqand shahriga sayohat tashkil etildi.

Dastlab sayohat, Xo‘ja Doniyor ziyoratgohi, Sayohat Shoxi zinda yodgorligi, Islom Karimov maqbarasi, Amir Temur maqbarasida aziz avliyolar, pir-u bobokalonlar  haqqiga Qurʼon tilovat qilinishi ziyorati bilan boshlandi.

Sayohatning ikkinchi yarmi Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi,   Registon ansambli (Sherdor, Tillakori, Mirzo Ulug‘bek madrasalari) hamda Bibixonim madrasasi bilan davom etar ekan, Sayohatchilar tarixiy obidalar, ulardagi naqshinkor bezaklar, ganchkorlik namunalari, ota-bobolarimizning ilm-fan taraqqiyotidagi qudrati va donishmandligi, insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shganligiga yana bir bor guvoh bo‘ldilar.

Shuningdek, Samarqandning noyob meʼmoriy obidalari hamda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan shaharda barpo etilgan madaniy-maʼrifiy inshootlar, sayilgohlar va shaharda qad ko‘tarayotgan binolarni tomosha qildilar.

“Boqiy shahar” majmuasiga borgan sayohatchilar qalbida yana bir bor milliy g‘urur uyg‘ondi. Buni ularning quvonchga to‘lgan ko‘zlarida va o‘zaro suhbatlarida ko‘rish mumkin edi.

Shu o‘rinda aytish kerak, “Boqiy shahar” majmuasi, Kongress xoll, 8 ta zamonaviy mehmonxona, amfiteatr va ko‘plab boshqa obyektlardan iborat bu muhtasham markazning barpo etilishi azim Samarqand ko‘rkiga yana-da fayzi tarovat bag‘ishlagan.

Ko‘hna va hamisha navqiron shahar deya taʼrif beriladigan Samarqandning tarixi va keyingi yillarda bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari uning shuhratini yana-da oshirayotganiga sayohatchilar guvoh bo‘ldilar.

“Samarqand shahriga bo‘lgan sayohat viloyatimizning qishloq xo‘jaligi sohasi  mehnat jamoalarida faoliyat olib borayotgan xodimlari bilan tanishish, ishchanlik va do‘stlik rishtalarini bog‘lashga sabab bo‘ldi.” - deydi O‘zagroinspeksiyaning Qashqadaryo viloyat Oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilot raisi  Dildora Xayriyeva.

Samarqand qadimdan o‘zining betakror go‘zalligi, ajoyib ob-havosi, shirin suvi va mazali nonlari bilan dunyoga mashhur shahar bo‘lgan. Oradan qancha asrlar o‘tsa hamki mazkur shahar hali-hanuz odamlarni o‘ziga ohanrabodek jalb qilib kelmoqda. Sayohat davomida navqiron Samarqandning qadimiy tarixi va mustaqillik yillarida barpo etilgan bunyodkorlik majmualari to‘g‘risida katta taassurotlarga ega bo‘ldilar.

 

O‘zagroinspeksiyaning” Qashqadaryo viloyat boshqarmasi axborot xizmati

Text to speech