Ру Ўз O`z En

Qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanilishi shart, aks holda..

4 Iyul 2024 1271

So‘nggi yillarda respublikada yer uchastkalaridan oqilona va maqsadli foydalanilishini taʼminlash, ularni muhofaza qilish, yangi yerlarni o‘zlashtirish hamda qayta muomalaga kiritish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Biroq, hududlarda yer qonunchiligiga rioya qilmaslik,  qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, jumladan, noqonuniy qurilmalar qurish, shuningdek, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash holatlari uchrayotganligi bu borada nazorat tadbirlarini kuchaytirishni taqozo etmoqda.

Xususan, “O‘zagroinspeksiyaning Buxoro viloyat boshqarmasi tomonidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish sho‘basi tomonidan nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, G‘ijduvon tumani hokiming 2019-yil 28-yanvaridagi 477-sonli qaroriga asosan S.Ayniy massividagi “Shahzodjon Shaxinabonu dalasi” fermer xo‘jaligiga jami 53,5 gektar shundan, 33,6 gektar sug‘oriladigan ekin yeri,  5,0 gektar bog‘, 2,0 gektar uzum hamda 12,9 gektar qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer maydonlari 49 yil ijaraga ajratib berilgan.

Biroq, “Shahzodjon Shaxinabonu dalasi” fermer xo‘jaligi raisi A.r. tomonidan fermer xo‘jaligi hisobida bo‘lgan 220-239-konturlarida noqonuniy ravishda tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmasdan, o‘zboshimchalik bilan 0,24 gektar yer maydonining holati buzilib, yangidan yo‘l chiqarish ishlari amalga oshirilgan.

Buning natijasida, ijaraga ajratilgan 0,24 gektar yer maydoni qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqib, yo‘l chiqarilganligi sababli paxta ekilmay qoldirilgan.

Hukumatning 2011-yil 25-maydagi 146-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari, ijarachilari va mulkdorlariga yetkazilgan zararlar, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklariga, shuningdek, yerlarning qishloq xo‘jalik muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hollarda yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomida o‘zboshimchalik bilan  yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hollarda yetkazilgan zarar miqdori hisoblanganda 209 mln 046 ming 702 so‘mni tashkil etadi.

Yuqoridagilarga asosan, “Shahzodjon Shaxinabonu dalasi” fermer xo‘jaligi rahbari yer maydonini qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarganligi sababli fermer xo‘jaligi mansabdor shaxsining harakatlari hamda yuqoridagi holatga huquqiy baho berish va yetkazilgan zarar miqdorini undirib, yer qonunbuzarlik holatlarini bartaraf etish yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.

S.Jurayev, Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi.

Text to speech