Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Andijon viloyati hokimligi, Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Andijon, Namangan, Farg‘ona, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridan 250 nafardan ziyod soha mutaxassislari ishtirok etishdi.
Seminarda urug‘lik don yetishtirish borasida mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar, yutuq va muammolar, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlar xususida atroflicha so‘z yuritildi.
O‘quv-amaliy seminar ishtirokchilari dastlab Oltinko‘l tumanidagi “Andijondonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi urug‘lik sexi faoliyati, mavsumga tayyorgarlik borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Shundan so‘ng Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti tajriba maydonlarida sinovdan o‘tkazilayotgan kuzgi yumshoq bug‘doyning xorijiy va mahalliy navlarini ekologik nav sinovi, birlamchi urug‘chilik tizimi hamda tajriba maydonlarida joriy etilgan tomchilatib sug‘orish loyihasi bilan tanishdi.
- Urug‘lik don yetishtirish qishloq xo‘jaligi rivoji, umuman, yurtimiz iqtisodiyotini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi, - deydi Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti direktori R. Siddiqov. - Shu maʼnoda o‘tkazilgan ilmiy-amaliy seminar mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga, yana-da yuqori bosqichga ko‘tarishga, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ommalashtirishga yordam beradi.
Anjumanda Qishloq xo‘jaligi vazirligining masʼul rahbar va mutaxassislari bilan bir qatorda Agrosanoat majmui ustidan nazorat inspeksiyasi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishi nazorat qilish boshqarmasi" boshlig‘i M. Qurbonboyev, bosh mutaxassis Sh.Xayitov hamda "Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi" DUK direktori J. Karimovlar ham ishtirok etib, tadbir qatnashchilarining “Boshoqli don ekinlari urug‘lik maydonlarini aprobatsiyadan o‘tkazish tartibi”, “Respublikada ekilayotgan boshoqli don ekinlari navlari va ularni hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib joylashtirish”, “Yangi yaratilayotgan va istiqbolli g‘alla navlarini Davlat nav sinash uchastkalariga topshirish va sinovdan o‘tkazish” kabi mavzularga oid maʼruzalari tinglandi.
Ishtirokchilar tomonidan maʼruzalar, shuningdek, mavzu doirasidagi ishlar samaradorligini oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Mavzu bo‘yicha ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassis va mutasaddilar batafsil javob qaytardi.
"O‘zagroinspeksiya"ning Andijon viloyat boshqarmasi