Ру Ўз O`z En

2024-yil hosili uchun 1 mln gektar maydonlarda g‘o‘za navlari ekish rejalashtirilgan 

9 Fevral 2024 1996

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda "O‘zagroinspeksiya" axborot xizmati rahbari Xolida Shodiyeva maʼlum qildi.

Xususan, bahorgi dala ishlarida qatnashadigan qishloq xo‘jalik texnikalarini mavsumga tayyorgarlik ishlari ustidan nazorat o‘rnatilib, taʼmirlash ishlarini sifatli tashkil etilishi bo‘yicha joylarda tegishli amaliy yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda.

Respublika bo‘yicha bu yilgi bahorgi dala ishlarida jami 136 ming donadan ortiq qishloq xo‘jaligi texnikalari qatnashishi rejalashtirilgan.

Mavsumda qatnashadigan texnikalarning qariyb 57 ming donadan ortig‘i yoki 42 foizini so‘nggi 5 yilda xarid qilingan zamonaviy yuqori unumli qishloq xo‘jaligi texnikalari tashkil etadi.

Hududlarda texnikalarni markazlashgan holda taʼmirlash ishlari tashkil etilib, bundan maskanlar uchun zarur bo‘ladigan moddiy-texnika taʼminoti, jumladan: temirchilik sexi, payvandlash apparati, stanok va boshqalar bilan taʼminlandi.

Taʼmirlash ishlariga jalb etilgan ishchi-xizmatchilar uchun issiq-ovqat va boshqa shart-sharoitlar yetarlicha tashkil etilganligi natijasida, bu yil mavsumda qatnashadigan texnikalar taʼmiri o‘tgan yilga nisbatan 15-20 kun ertaroq  yakuniga yetkazildi. Inspeksiya tomonidan mavsumda faqatgina soz holatdagi texnikalarni qatnashishi nazoratga olinmoqda.

G‘alla parvarishi bo‘yicha, bugungi kunda Respublika hududlarida  2024 yil hosili uchun 1 mln. 169 ming 775 gektar suvli maydonlarda boshoqli don ekinlari parvarish qilinayotgan bo‘lib, ushbu maydonlarning 1 mln. 131 ming gektari yoki 93 foizi tuplash, hamda 38 ming gektari yoki 6 foizi 3-4 barg fazasida rivojlanmoqda.

G‘alla maydonlarida bugungacha qariyib 2 marta sug‘orish ishlari amalga oshirildi.

Hududlardagi g‘allani qishlovga tuplagan holda kirishini taʼminlash maqsadida kuz oylarida g‘alla maydonlari gektariga (fizik holda) 100-150 kg.dan azotli mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirildi va bugungi kunda hududlarda g‘allani azotli o‘g‘itlar bilan bahorgi 1-oziqlantirish ishlari boshlab yuborildi.

Respublikada hozirgacha 81 ming gektar yoki 7 foiz g‘alla maydonlarida oziqlantirish ishlari amalga oshirildi. 

Bugungi kunda, g‘alla maydonlariga gektariga 3 tonnadan mahalliy o‘g‘it chiqarish belgilangan bo‘lib, bugungi kungacha joylarda fevral oyi uchun 413 ming 660 tonna yoki 12 foiz mahalliy o‘g‘it g‘alla maydonlariga chiqarildi.

Soha mutaxassislari tomonidan, mavsum davomida joylarda g‘alla parvarishida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli bajarilishi yuzasidan 108 ta profilaktik tadbirlari, 189 ta tekshirishlar amalga oshirildi.

Ushbu tadbirlar davomida 228 ta kamchiliklar aniqlanib, kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha, 73 ta ogohlantirish, 145 ta yozma ko‘rsatmalar, 61 ta taqdimnomalar berildi.

Joriy yil paxta hosili uchun urug‘lik chigitni ekishga tayyorlash yuzasidan ham bir qator tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, ayni kunlarda mamlakatimizda urug‘lik chigitni tozalash-saralash, tuksizlantirish hamda qishloq xo‘jalik ekinlarining kasallik va zararkunandalariga qarshi dorilash ishlari qizg‘in pallaga kirgan. Mazkur tadbirlarni davlat standarti talablari asosida o‘z muddatlarida bajarilishi joylardagi Agroinspeksiyaning hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan to‘liq nazoratga olingan.

Xususan, Respublika bo‘yicha jami 2024-yil hosili uchun 1 mln gektar maydonlarda g‘o‘za navlari ekish rejalashtirilgan bo‘lib, ekish uchun 50 ming tonna urug‘lik chigit talab etiladi.

G‘o‘za navlarining iqlim sharoitiga mos 22 ta ertapishar, 3 ta o‘rtapishar, 4 ta ingichka tolali hamda 24 istiqbolli va yangi navlarni ekish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Respublika bo‘yicha mavjud 46 ta urug‘lik chigit tayyorlash sexlari to‘liq ishlashi uchun barcha zaruriy choralar ko‘rilgan.

Urug‘lik chigitlarni qadoqlash uchun yetarli miqdorda qop va yorliqlar, kimyoviy preparatlar zaxirasi yaratilgan.

Mavsum boshidan rejaga nisbatan 45,5 ming tonna yoki 81,3 foiz urug‘lik chigit tozalanib, saralangan va bu ishlar davom ettirilmoqda.

Qolaversa, mavsum davomida hududiy boshqarma va tuman bo‘limi xodimlari tomonidan 188 ta nazorat tadbirlari olib borilib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ogohlantirishlar berilishi taʼminlangan. 

Text to speech