«O‘zagroinspeksiya» ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi hamda viloyat Kasaba uyushmasi tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligi sohasi mehnat jamoalarida uzoq yillar davomida faoliyat olib borayotgan xodimlar, faollar, xotin-qizlar va mehnat faxriylari uchun o‘zining boy tarixiy va madaniy merosiga ega bo‘lgan Xiva shahriga sayohat tashkil etildi.
Sayohatchilar zamonaviy avtobuslarda afsonaviy Xiva shahriga yo‘l olindi. Xiva shahrida ekskursovod (gid) hamrohlik qilib, har bir obida haqida keng batafsil maʼlumot berildi.
Xiva shahrining diqqatga sazovor joylari, ko‘p yillik tarixni o‘zida aks ettiruvchi meʼmoriy obyektlari va qadimiy yodgorliklarni yaqindan ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Qadimiy Xivaning yana-da go‘zal va maftunkor manzilgohlari, madrasa, maqbara, minora va zamonaviy majmualarini tomosha qilish orqali tarix nafasini his qilib, katta taassurotga ega bo‘ldilar.
Jumladan, Juma masjidi, Shayx Muxtor Valiy Maqbarasi, Pahlavon Mahmud maqbarasi va boshqa noyob inshootlar katta qiziqish va hayrat uyg‘otdi. Ayniqsa, Ichan-qalʼa - Markaziy Osiyodagi yirik va noyob meʼmoriy yodgorlik - Xivaning ichki qalʼa (Shahriston) qismi bo‘lib, Ichan-qalʼa shaharning Dishan-qalʼa (tashqi qalʼa) qismidan kungurador devor bilan ajratilgan. U Xiva raboti (Dishan qalʼa)dan baland Qo‘rg‘ontepaga o‘xshab ko‘rinadi.
Ichan-qalʼaga 4 darvoza (Bog‘cha darvoza, Polvon darvoza, Tosh darvoza, Ota darvoza) dan kirilgan. Ichan-qalʼaga tashrif buyurgan har bir sayyoh, o‘zini go‘yoki ertaklar olamiga tushib qolgandek, his qiladi.