O‘zbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 6-moddasiga asosan ishlab chiqaruvchi isteʼmolchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovarlar haqida texnik jihatdan tartibga solinishi majburiy bo‘lgan tovar bo‘yicha isteʼmolchiga uning texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi to‘g‘risida tegishli maʼlumotlar taqdim etilishi kerakligi belgilangan.
Hukumatning 2021-yil 30-yanvaridagi 43-sonli qaroriga asosan paxta tolasi - texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi tasdiqlanishi majburiy bo‘lgan mahsulot hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va hukumatning tegishli qarorlariga asosan paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishi va klasteri doirasida o‘z ehtiyojlari uchun ishlab chiqarilayotgan paxta tolasini sertifikatlash ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi, o‘z ehtiyojlaridan ortiqcha ishlab chiqarilgan paxta tolasi majburiy sertifikatlanishi belgilangan.
Paxta tolasini sertifikatlashtirish belgilangan talablarga muvofiq akkreditatsiyadan o‘tgan sertifikatlash idoralari tomonidan amalga oshiriladi.
Sohaga doir qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarni buzganlik uchun yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan moliyaviy va maʼmuriy jarima ko‘rinishidagi taʼsir choralari belgilangan.
Bugungi kunda, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishi va klasterlarida o‘z ehtiyojlaridan tashqari ishlab chiqariladigan paxta tolasini majburiy sertifikatlashtirilishi o‘rganilmoqda va ishlab chiqarish korxonalariga belgilangan tartibda ogohlantirishlar va yozma ko‘rsatmalar berilmoqda.
“O‘zagroinspeksiya”ning Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan paxta to‘qimachilik klasterlarida paxta tolasini sertifikatlashtirish holati o‘rganilib, ogohlantirish va yozma ko‘rsatmalar berilganiga qaramay huquqbuzarlikni davom ettirgan 4 ta (“O.M.G”, “S.T.K”, “A” va “v.S.F” MCHJlar) paxta to‘qimachilik klaster korxonalarining javobgar shaxslariga nisbatan “Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksi”ning 214-moddasiga asosan maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rishlik uchun sudlarga yuborilgan.
Shuningdek, Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida davlat nazorati departamenti tomonidan “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonunning 46-moddasiga asosan belgilangan tartibda ogohlantirish berilgandan keyin ham texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi huquqbuzarlikni davom ettirganlik yoki bartaraf etmaganlik uchun Andijon viloyati Jalaquduq tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan “A” MCHJ paxta to‘qimachilik klaster korxonasiga nisbatan 10 mlrd. so‘m miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar sud organi tomonidan qo‘llanilgan.
Bundan tashqari, paxta tolasi uni qayta ishlash bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan mahalliy to‘qimachilik korxonalariga birja savdolari orqali realizatsiya qilinishi belgilab qo‘yilganligi va tovarning qonun hujjatlarida belgilangan sifat talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar (agar tovar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq majburiy sertifikatsiyalanishi kerak bo‘lsa, muvofiqlik sertifikati va boshqa hujjatlar) ichki bozor yoki valyuta maydonchasida shartnoma ochishda listing o‘tkazish uchun asos hisoblanishi ko‘rsatilganligi eslatib o‘tiladi.
Paxta tolasini majburiy sertifikatlanishi yuzasidan nazorat tadbirlari davom etmoqda.
Inspeksiyaning Paxta xom-ashyosi, don, urug‘lar va ularni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish boshqarmasi