Ру Ўз O`z En

Noqonuniy qurilishlar ortidan Qishloq xo‘jaligi yerlariga yetkazilgan zararlar aniqlanmoqda

8 Avgust 2024 1145

"O‘zagroinspeksiya"ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi tomonidan qishloq xo‘jaligi yerlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi natijasida foydalanishdan chiqishiga sabab bo‘lgan holatlar ustidan doimiy tarzda nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

Nazorat tadbirlari davomida qator qonunbuzarlik holatlari aniqlangan. Birgina joriy yilning o‘tgan iyul oyida Chiroqchi tumanida 3 nafar fuqarolar tomonidan tuman zaxira yer fondidagi jami 0,23 gektar sug‘oriladigan yer maydonlariga ruxsatsiz o‘zboshimchalik bilan noqonuniy qurilishlar qilganligi aniqlandi.Mazkur holatda yetkazilgan zarar miqdori 70 186 448 (yetmish million bir yuz sakson olti ming to‘rt  yuz qirq sakkiz) so‘mni tashkil qildi.

Yuqorida aniqlangan yerga oid qonunbuzarlikning oldini olish hamda yetkazilgan zarar miqdorini undirish bo‘yicha belgilangan tartibda Chiroqchi tumani prokuraturasiga belgilangan tartibda maʼlumotlar taqdim etildi.

Xuddi shunday holat, Ko‘kdala tumani, Chiyal hududida Dehqon xo‘jaligi tashkil etish maqsadida ajratilgan qishloq xo‘jaligi xaritasining 3q-konturidan 2 nafar fuqarolar tomonidan 48,6 ball bonitetli jami 0,032 gektar sug‘oriladigan yer uchastkasi o‘zboshimchalik bilan egallanib, noqonuniy qurilish bo‘lganligi aniqlandi.

Mazkur holatda yetkazilgan zarar miqdori hisoblab chiqilganda 16 165 785 (o‘n olti million bir yuz oltmish besh ming yetti yuz sakson besh) so‘mni tashkil qildi.

Yuqorida aniqlangan yerga oid qonunbuzarlikning oldini olish hamda yetkazilgan zarar miqdorini undirish bo‘yicha belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga maʼlumotlar taqdim etildi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yer turlarini, ayniqsa sug‘oriladigan yer maydonlarini saqlash, noqonuniy egallab olmaslik va o‘zboshimchalik bilan qurilishlar qilmaslik bo‘yicha mahallalarda keng targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Sohaga oid huquqiy-meʼyoriy hujjatlar mazmun-mohiyati yuzasidan viloyatdagi 14 ta tumanlarda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan jami 16 283 ta qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanuvchilarning 2 745 nafariga tushuntirishlar berildi. Targ‘ibot tadbirlarida yerdan belgilangan maqsadga muvofiq oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarida maqbul ekinlar ekilishini yoki tut ko‘chatlari o‘tqazilishini taʼminlash, asosiy ekinlarning rivojlanishiga salbiy taʼsiri bo‘lmagan hollarda bog‘lar va tokzorlarning qator oralariga daromad keltirishi mumkin bo‘lgan maqbul ekinlar ekilishini taʼminlash to‘g‘risida majburiyat belgilanganligi yuzasidan qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanuvchilar va ijarachilarga ogohlantirish xatlari tarqatildi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun ijaraga berilgan yer maydonlaridan oqilona foydalanmagan -6 ta (G‘uzor, Qamashi, Qarshi, Kitob, Nishon va Yakkabog‘) tumanlaridagi 24 nafar yer egalarining 772,45 gektar yer maydonini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilishi bo‘yicha Iqtisodiy sudga daʼvo arizalari chiqarilishi to‘g‘risida taqdimnomalar kiritildi.

Bundan tashqari, viloyatning 6 ta (Dehqonobod, Qamashi, Koson, Kitob, Ko‘kdala va Yakkabog‘) tumanlaridagi 8 ta holatda 34,99 gektar qishloq xo‘jaligi yerlaridan xo‘jasizlarcha foydalanganligi bois, O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 65 va 68-moddalariga asosan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, yer egalariga nisbatan jami 40 mln 800 ming so‘m jarima qo‘llash bo‘yicha maʼmuriy qarorlar qabul qilindi.

R.Boymurodov Inspeksiyaning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i

Text to speech