Mamlakatimizda tomorqa xo‘jaliklari, ayniqsa qishloq joylarda, ko‘pchilik oilalarning asosiy daromad manbasi hisoblanadi. Tomorqadan samarali foydalanish orqali oilalar nafaqat o‘zlarini, balki mahalliy bozorlarni ham turli xil sabzavot va mevalar bilan taʼminlash imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.
Prezidentning 2024-yil 5-martdagi qaroriga binoan, aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash va tomorqa xo‘jaliklarida yangi zahiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. Bu kabi chora-tadbirlar, tomorqa xo‘jaliklarining samaradorligini oshirish va ularni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Yangidan joriy qilinayotgan Sayhunobod tajribasi esa tomorqa xo‘jaligi orqali oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, mahsulotlarni qayta ishlash, mahalliy bozorlarga chiqarish va eksport qilish imkoniyatlarini yana-da kengaytirishga imkon yaratadi. Bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiyotning barqarorligini taʼminlash va aholining turmush darajasini yana-da oshirishga xizmat qiladi.
Mana shunday ezgu maqsadda, “O‘zagroinspeksiya”ning Shahrisabz tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘z tashabbusi bilan ish joyiga yaqin hududdagi xonadonlar shart-sharoiti o‘rganildi.
“Big‘mi” mahalla fuqarolar yig‘ini Beshkapa qishlog‘ida yashovchi yosh oila A. Bekmurodovni muqim ish daromadi bo‘lmaganligi ammo, bog‘dorchilikdan xabari borligini bilgan tuman inspeksiya xodimlari, unga yashash xonadonida parvarishlash uchun 25 tup limon ko‘chati yetkazib berishdi.
Shuningdek, yerning har bir qarichidan samarali foydalanish maqsadida A. Bekmurodov tomonidan issiqxona tashkil qilinib, qo‘shimcha pomidor va bodring ko‘chatlari o‘tkazildi.
Ayni kunlarda 5 sotix maydonda bog‘dorchilik va ko‘chatchilikni boshlagan Asadbek o‘zi bilan birga oila aʼzolarini ham doimiy ish bilan taʼminladi.
Bundan tashqari, shu mahallaning yana bir ishsiz fuqarosi I. Bektoshev ga 10 quti asalari uyasi bilan olib berildi.
-Albatta bunday saxovat qilish uchun inson albatta boy bo‘lishi shart emas, deb o‘ylayman, mehnatga ishtiyoqi bor insonga ozgina turtki berish, unga yo‘l yuriq ko‘rsatib, biroz qo‘llab quvvatlashning o‘zi ham katta ko‘mak,-deydi,- "O‘zagroinspeksiya"ning Shahrisabz tuman bo‘limi boshlig‘i J.Turkmanov - Endilikda ushbu fuqarolar tomorqadan unumli foydalanishmoqda.
Oilalar o‘zlarining tomorqalaridan oladigan daromadlari evaziga farovon hayot kechiradi, farzandlarining taʼlim olishi, o‘z salomatliklarini saqlash, yashash sharoitlarini yaxshilash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
“O‘zagroinspeksiyaning” Qashqadaryo viloyat boshqarmasi axborot xizmati