Inspeksiyaning Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi mutaxassislari tomonidan inspeksiya faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy-meʼyoriy hujjatlarga ko‘ra belgilangan vazifalar yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida jami 1 ming 521 ta holatda 304,7 gektar qishloq xo‘jaligi yer maydonlarida yer qonunbuzarlik holatlari qayd etilgan bo‘lib, shundan sug‘oriladigan yerlarda -274 gektar, lalmi yerlarda -1,6 gektar, yaylov yerlarda -25,5 gektar va bo‘z yerlarda- 3,4 gektar yer qonunbuzarlik holatlarini tashkil etmoqda.
Qishloq xo‘jaligi yerlari o‘zboshimchalik bilan qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilganligi oqibatida qishloq xo‘jaligiga jami 206 milliard 960 million so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi aniqlandi.
Aniqlangan qonunbuzarlik holatlari bo‘yicha chora ko‘rish uchun prokuratura organlariga 871 ta, IIV hududiy bo‘linmalariga 370 ta hujjatlar, 229 ta holatda boshqa tashkilotlarga, 12 ta holatda yerdan foydalanuvchilarga ogohlantirish xatlari yuborilgan bo‘lsa, 39 ta holatda sudlarga davo arizalari kiritilgan.
Xususan, hududiy boshqarmalardagi mutaxassislar tomonidan 2024-yilning iyul oyi davomida 338,9 ming gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda olib borilgan tezkor monitoring tadbirlari natijalari bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda jami 21,5 gektar yer maydonlarida yerdan samarali foydalanishda bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Qishloq xo‘jaligi yerlarini o‘zboshimchalik bilan egallab qurilish qurish- 46 ta holatda 17,7 gektar, Yerdan foydalanuvchi tomonidan o‘zini yerida ruxsatsiz qurilish qurish holatlari- 6 ta holatda 0,6 gektar, Ruxsatsiz tuproqni unumdor qatlamiga zarar yetkazish -5 ta holatda 3,2 gektarni tashkil etib, ushbu aniqlangan qonunbuzarlik holatlari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun yuborilgan.
F.To‘xtashev, Inspeksiyaning Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i