Ру Ўз O`z En

DON O‘RISH KOMBAYNLARI MAVSUMGA SHAY HOLATGA KELTIRILMOQDA

29 Aprel 2025 94

“O‘zagroinspeksiya” tomonidan 2025-yil g‘alla o‘rimida qatnashadigan don o‘rish kombaynlarini mavsumga tayyorlash ishlari ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan.

Joriy yilgi mavsumda respublika bo‘yicha jami 2 914 dona don o‘rish kombaynlarini mavsumga tayyorlash rejalashtirilgan.

Ushbu kombaynlarning 1 033 donasi “Keys” va “Nyu Xolland”, 1 570 donasi “Klass”, 247 donasi “Vektor" va 64 donasini boshqa rusumli kombaynlar tashkil etadi.

Bu yildan kombaynlarni mavsumga tayyorlashning yangi tizim joriy etilib, bunda avvalo hududlarda kombaynlarni markazlashgan holda sifatli ta’mirini tashkil etish maqsadida 258 ta dislokatsiya manzillari aniqlab olindi.

Ushbu maskanlarda ta’mirlash uchun moddiy-texnika ta’minoti (temirchilik sexi, payvandlash apparati, stanoklar va boshqalar) bilan ta’minlandi, shuningdek, ta’mirlash ishlariga jalb etilgan ishchi-xizmatchilar uchun issiq ovqat va boshqa shart-sharoitlar tashkil etildi.

Ta’mirlash maskanlariga kiritilgan 2 914 dona kombaynlar servis korxonalari mutaxassislari ishtirokida birma-bir ko‘zdan kechirilib, talab qilinadigan ehtiyot qismlari bo‘yicha har bir kombaynga alohida defekt aktlari tuzildi va ushbu defekt aktlari asosida ta’mirlash ishlariga kirishildi.

Ishlarini tizimli tashkil etilishi natijasida, bugungi kun holatida 2 623 dona yoki 90 foiz kombaynlarni ta’mirlash ishlari yakunlandi.

Jumladan, kombaynlarni ta’mirlash ishlari Surxondaryo, Xorazm va Navoiy viloyatlarida to‘liq, 100 foiz, Namangan, Andijon va Buxoro viloyatlarida 90 foiz yakunlangan.

Qolgan hududlarda ham ta’mirlash ishlarini qisqa muddatlarda yakunlash bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda.

Ta’mirdan chiqarilgan kombaynlar belgilangan tartibda texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi, shuningdek, hududiy komissiyalar tomonidan 10-15 km masofaga yurgizib, ularning ishchi organlari ishlatib ko‘rilib mavsumda ishlashga qabul qilinishi tashkil etiladi.

 

Anvarjon MIRZAAXMEDOV,

Texnika holatini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i

Text to speech