Ayni kunlarda respublika bo‘ylab barcha bo‘g‘indagi davlat organlari va tashkilotlari xodimlari uchun Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini keng o‘rganishga qaratilgan o‘quv-seminarlar tashkil etilmoqda.
Mana shunday o‘quv seminarlaridan biri "O‘zagroinspeksiya"da ham tashkil etilib, unda markaziy apparat va ZOOM platformasi orqali hududiy boshqarma xodimlari ham ishtirok etdilar. Ekspertlar sifatida tadbirda Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti I. Turaboyev hamda Fanlar Akademiyasi davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori A. Teshaboyevlar ishtirok etib, yig‘ilganlarga Konstitutsiyamizda belgilangan asosiy prinsiplar, jamiyat va shaxs masalalari, xususan, kadrlar uchun belgilangan huquqiy normalar hamda ularni davlat xizmatchisining har kunlik faoliyatiga tatbiq etishi yuzasidan tushuntirishlar berdi.
-Aholining erkin va farovon hayot kechirishi uchun ularning haq-huquqlari, qonun va vatan oldidagi burchlari aks etgan bosh Qomusimiz har birimizning faoliyatimiz uchun bosh mezondir.-deydi Inspeksiyaning maʼnaviy va maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash bo‘yicha maslahatchi G. Irgasheva- Bugungi tashkil etilgan tadbir har bir davlat xizmatchisining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Qonunlarini chuqur bilishi, unda belgilangan haq-huquqlari va burchlarini chuqur anglashi, faoliyatida ham bunga qatʼiy amal qilishi lozimligini yana bir bor anglatdi.
O‘quv davomida Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklari himoyasi, ushbu yo‘nalishda qonunchilikni yana-da rivojlantirish masalalari, inson huquq-erkinliklarini himoya qilishda nazoratni amalga oshiruvchi organlarning roli yuzasidan fikrlar almashildi.
Seminar davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga maʼruzachilar tomonidan tegishli javoblar berildi.
◽️O‘quvlar Inspeksiyaning hududiy boshqarmalarida ham bevosita davom etmoqda.
"O‘zagroinspeksiya" Axborot xizmati