Ру Ўз O`z En

Samarqand: 2024-yil hosili uchun chigit ekish ishlariga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda

27 Mart 2024 1694

Qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil va sifatli mahsulot yetishtirish urug‘likka bog‘liq. Sifatli urug‘lik yetkazib berish zamirida urug‘larni yetishtirish, qayta ishlash hamda navdorlik va ekinboplik sifat ko‘rsatkichlarini nazorat qilish soha xodimlaridan jiddiy masʼuliyatni talab qiladi.

2023-yil hosilidan Samarqand viloyatida jamg‘arilgan urug‘lik paxta xom-ashyosini qayta ishlash natijasida 4 ming 954 tonna urug‘lik chigitni tozalash hamda 3 ming 863 tonnasini tuksizlantirish va dorilash ishlari yakunlangan.

Viloyatda ekilishi belgilangan urug‘lik chigitlar tuksizlantirilgan holda tayyorlanishi hamda nav tozaligi super elita va elita avlodli urug‘lik chigitda 100%, birinchi avlodda 99%, ikkinchi avlodda 98%, uchinchi avlodda esa 96% dan kam bo‘lmasligi, shuningdek, unuvchanlik, ifloslik, namlik, mexanik shikastlanganlik va qoldiq tola kabi sifat ko‘rsatkichlari davlat standarti meʼyorlariga mos bo‘lishi talab etiladi.

Qabul qilingan urug‘lik paxta xom-ashyosi g‘aramlarda kamida ikki oy tinim davrida sifatli saqlanib, paxta xom-ashyosidagi chigitlar to‘liq fiziologik yetilganidan so‘ng, qayta ishlashga berish va ishlab chiqarishdan olingan urug‘lik chigitni urug‘lik tayyorlashga ixtisoslashgan korxonalarga tashish, dorilash, saqlash va fermer xo‘jaliklarga yetkazib berilishini tashkil etish bosqichma-bosqich amalga oshish davom etmoqda.

Shu boisdan urug‘lik chigit tayyorlash uchun mavjud paxta klasterlariga tegishli paxta tozalash korxonalarida “O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari, “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” DM, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining hududiy bo‘limlari bilan birgalikda urug‘lik paxtani tozalash hamda mavjud ikkita urug‘lik chigit dorilash sexlarining ishlashi kunlik monitoring qilib borilmoqda.

Ayniqsa, Respublika bo‘ylab ob-havoning keskin sovib ketishi urug‘lik chigit tayyorlash sexlarining omborxonalarida isitish choralarining ko‘rilganligi, dorilash jarayonlarida namlikning belgilangan meʼyorida bo‘lishi hamda urug‘lik chigitning unuvchanligini yo‘qotmaslik yuzasidan barcha zaruriy choralar ko‘rilishi eʼtibordan chetda qoldirilmadi.

-Hozirgi kunda viloyatdagi paxta-to‘qimachilik klasterlari va urug‘lik tayyorlash sexlarida jami 4 ming 954 tonna urug‘lik paxta tozalanib, saralanib, 3 ming 733 tonnasi tuksizlantirilib, dorilash ishlari amalga oshirilib, bugungi kunda ushbu urug‘lik chigitlarga muvofiqlik sertifikat olish uchun namunalar yuborilib, bu o‘z navbatida “O‘zagroinspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘lim mutaxassislari tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat tadbirlari natijasida viloyatda sifatli urug‘lik chigit tayyorlanishiga erishilmoqda.

Bu esa paxtadan mo‘l hosil olinishida muhim ahamiyatni kasb etib, kelgusida fermer xo‘jaligi va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yuqori marralarga erishishni taʼminlab beradi.

"O‘zagroinspeksiya"ning Samarqand viloyat boshqarmasi sho‘ba boshlig‘i  X.Nurbeko

Text to speech