Xalqmizda “Sara urug‘ – mo‘l hosil garovi” degan naql bor. Tajribali, mirishkor-paxtakorlar taʼbiri bilan aytganda, paxtadan mo‘l hosil olishda avvalo, yerga qadaladigan urug‘lik chigitning sifati muhim ahamiyatga ega.
Shu bois, ayni kunlarda mamlakatimizda urug‘lik chigitni tozalash-saralash, tuksizlantirish hamda kasallik va zararkunandalarga qarshi dorilash ishlari amalga oshirilmoqda.
Inspeksiyaning soha mutaxassislari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktyabridagi 641-sonli qarori talablari asosida, 2024-yil hosilidan qabul qilingan urug‘lik paxta xom-ashyosini qayta ishlash va undan olinadigan urug‘lik chigitni dorilash ishlari bo‘yicha tizimli nazorat tadbirlari o‘tkazilib borilmoqda.
Xususan, paxta-to‘qimachilik klasterlari va urug‘chilik korxonalariga qarashli 42 ta urug‘lik tayyorlash sexlarida 2025-yil hosili uchun 29 ming tonna urug‘lik chigitlarni dorilash bo‘yicha amaliy tadbirlar olib borilmoqda.
Urug‘lik tayyorlovchi buyurtmachilarning urug‘lik chigitlarni sertifikatlashtirish yuzasidan bergan talabnomalariga asosan 8,7 ming tonna urug‘lik chigit partiyalaridan namunalar tanlab olinib, “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sifatini baholash markazi”ning laboratoriyalariga sinov uchun qabul qilingan.
Bugungi kunda urug‘liklarni tahlildan o‘tkazish uchun Markazda barcha zamonaviy jihozlar mavjud bo‘lib, tahlil uchun keltirilgan urug‘lik chigitning 2,4 ming tonnasiga sifati bo‘yicha muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilib, urug‘lik tayyorlovchi korxonalarga berildi.
Qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil olish va sifatli mahsulot yetishtirish, asosan urug‘likning sifatiga bog‘liq bo‘ladi.
Bu borada Inspeksiya tomonidan joylarda amaldagi normativ hujjatlar talablari asosida urug‘lik chigitni tayyorlash bo‘yicha seminarlar o‘tkazilib, korxonalarning tegishli mutasaddi xodimlariga tavsiya va ko‘rsatmalar berib borildi.
Shuningdek, Inspeksiya tomonidan 2025-yil hosili uchun fermer xo‘jaliklar va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarining paxta ekilishi rejalashtirilgan maydonlari uchun urug‘liklarni tayyorlanishi, sifatli urug‘lik yetkazib berilishi, sertifikatlangan urug‘liklarni ekilishi va ushbu muhim tadbirlarni belgilangan muddatlarga qadar yakunlash chora-tadbirlari nazoratga olingan.