Ру Ўз O`z En

URUG‘LIK G‘ALLA — SIFATLI HOSILNING ASOSI

30 Aprel 2025 116

Urug‘lik g‘alla – dehqonchilikda asosiy agrotexnik omillardan biri bo‘lib, yuqori hosil olish, ozuqa xavfsizligini ta’minlash va sifatli agrar mahsulot yetishtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Urug‘lik sifatining yuqoriligi bevosita ekinlarning unib chiqishi, kasalliklarga chidamliligi hamda hosildorligiga ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun urug‘lik g‘alla tanlash va tayyorlash jarayoniga alohida e’tibor berilishi zarur.

Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida 2025-yil urug‘lik g‘alla hosili uchun jami 14 nafar subyektlar tomonidan 530,9 gektar maydonlarda urug‘lik g‘alla ekilib parvarishlanmoqda.

Tumanda 2025-yil urug‘lik g‘alla hosili uchun fermer xo‘jaliklari tomonidan bug‘doyning “Gurt’, “Alekseich”, “Asr”, “Vassa” va  “Grom” navlari hamda “Don va dukkakli ekinlar ITI” Navoiy ITS tomonidan  “Temeryazevka-150, “Grom”, “Graf”, “Axmad”, “Asr” va “Ultra” navlari  yetishtirilmoqda.

Ushbu urug‘lik g‘alla maydonlarida xo‘jaliklar tomonidan mineral o‘g‘itlar gektariga 800 kilogrammdan oziqlantirildi va gektariga 5 tonnadan mahalliy o‘g‘itlar chiqarilib, sug‘orish ishlari sharbat usulida amalga oshirildi.

Shu bilan birga, urug‘lik boshoqli don ekinlarini bargidan biostimulyatorlar orqali oziqlantirish (suspenziya) va g‘alla maydonlarida begona o‘t, kasalliklar va zararli hasharotlarga qarshi (gerbitsid, fungitsid, insektitsid) resurstejamkor texnologiyalar asosida kimyoviy vositalar bilan ishlov berish ishlari amalga oshirildi.  Hozirgi kunda urug‘lik g‘alla maydonlari boshoqlash fazasida rivojlanmoqda.

“O‘zagroinspeksiya”ning Qiziltepa tuman bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-106-sonli Qarori va Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktyabrdagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 641-sonli qarorlarida belgilangan talablarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan tumandagi fermer xo‘jaliklari va boshqa tashkilotlarga tegishli ogohlantirish xatlari, kerakli tavsiyalar berilib, amaliy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.

Albatta, urug‘lik g‘alla dehqonchilikning poydevoridir. Uning sifati va to‘g‘ri tanlanishi butun yilgi mehnatning samaradorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

“O‘zagroinspeksiya”ning Navoiy viloyati boshqarmasi

Text to speech