Xalqimiz orasida keng tarqalgan “Sara urug‘ – mo‘l hosil garovi” degan naql bejiz aytilmagan. Hosildorlikka erishishda, avvalo, yerga qadaladigan urug‘likning sifati asosiy omillardan biri hisoblanadi. Shu boisdan, yurtimizda so‘nggi yillarda sifatli urug‘lik tayyorlash va uni nazorat qilish tizimi izchil yo‘lga qo‘yilgan.
Ayni paytda, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktyabrdagi 641-sonli qarori talablari asosida, 2025-yilgi hosil uchun yuqori sifatli urug‘lik don tayyorlash bo‘yicha qator nazorat va amaliy tadbirlar amalga oshirilyapti.
Ushbu jarayonlarda Inspeksiya organlari tomonidan joylarda amaldagi normativ hujjatlar asosida seminarlar tashkil etilib, mutasaddi tashkilotlar xodimlariga zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berilmoqda.
Samarqand viloyatida 2025-yil hosili uchun 324 ta fermer xo‘jaliklari, elita urug‘lik xo‘jaliklari hamda ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan umumiy maydoni 8138 gektar bo‘lgan yerda boshoqli don ekinlari yetishtirilmoqda. Rejaga ko‘ra, bu hududlardan jami 24 ming tonna sifatli urug‘lik don tayyorlanadi. Jumladan:
“Ko‘paytirish” avlodidagi ekinlar – 733 gektar,
“Superelita” – 6523 gektar,
“Elita” – 797 gektar maydonda yetishtirilmoqda.
Shuningdek, qarorning 4-bobida belgilanganidek, urug‘likka ekilgan maydonlarda ekinlar sut pishish, mum pishish va to‘liq pishish bosqichlarida navdorlik va sifati yuzasidan aprobatsiya ishlari olib borilmoqda.
Bugungi kunda viloyatning barcha tumanlarida, 2026-yil hosili uchun navdorlik darajasi yuqori bo‘lgan, serhosil g‘alla navlaridan sifatli urug‘lik don jamg‘arilishi ustidan “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan doimiy nazorat o‘rnatilgan.
Mazkur tadbirlar orqali kelgusi yillarda yurtimiz g‘allachiligida barqaror hosildorlikka erishish, eksportbop navlarni ko‘paytirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim qadamlar qo‘yilmoqda.
“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi
Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larining yetishtirilishini nazorat qilish sho‘basi boshlig‘i X.Nurbekov