“Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori (170-son, 29.04.2023y.) qabul qilindi.
Qaror bilan, qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobdan chiqarish, texnika to‘g‘risida maʼlumotnoma berish, texnik ko‘rikdan o‘tkazish, traktorchi-mashinist guvohnomasini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning maʼmuriy reglamentlari tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarga:
texnikalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hisobdan chiqarish, shuningdek, traktorchi-mashinist guvoxnomasi olish uchun Davlat xizmatlari markazlari va YAIDXP (my.gov.uz) orqali elektron ariza berish va to‘lovlarni amalga oshirish;
texnikalarni ro‘yxatda turganligi to‘g‘risidagi maʼlumotnomani Inspeksiyaga kelmasdan turib, YAIDXP (my.gov.uz) orqali olish;
texnikalarni ro‘yxatdan o‘tkazilgan xududidan qatʼiy nazar istalgan xududda texnik ko‘rikdan o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” tizimida ro‘yxatga olingan hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga O‘zagroinspeksiya tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari uchun belgilangan yig‘im summasining 50 foizini to‘lash imkoni berilmoqda.
Shuningdek, Texnikalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda talab etiladigan mulk egaligini tasdiqlovchi notarial idoralar tomonidan tuziladigan shartnomalar va bojxona yuk dekloratsiyalarini yuridik va jismoniy shaxslardan talab etilmasdan, ushbu hujjatlarni Inspeksiya tomonidan tegishli tashkilotlardan integratsiya yo‘li bilan elektron olish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Jismoniy va yuridik shaxslarning texnikalarini harakatlanuvchi mobil texnik nazorat liniyalaridan foydalangan holda texnik ko‘rikdan o‘tkazish amaliyoti 2023 yilning 1 mayidan joriy etilmoqda.
Texnikalarning texnik holatini elektron yuritilishini taʼminlash maqsadida, texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan texnikalarning elektron bazasi “Texnikalar texnik ko‘rigi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi
2023 yilning 1 iyuliga qadar ishlab chiqiladi.
Traktorchi-mashinist guvoxnomasini olish uchun o‘tkaziladigan nazariy imtihonlar to‘liq kompyuterda test ko‘rinishida olish va imtihon natijasini avtomatik tarzda baxolash imkoniyati yaratiladi, shuningdek, “E” va “F” traktorchi-mashinist toifalarini olish uchun amaldagi 21 yosh 18 yoshga tushirilmoqda.
2023 yil 1 avgustdan boshlab qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l- qurilish texnikalarini ishlab chiqaruvchi yoki maxsus savdo tashkilotlarida xaridorlarga sotilgan yangi texnikalar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan hujjatlar bilan birga O‘zagroinspeksiyada ro‘yxatdan o‘tkazish uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan “Hisob-maʼlumotnoma” berish amaliyoti joriy etiladi.
2023 yil 1 sentyabrdan:
jismoniy shaxslarning 100 ot kuchi quvvatgacha bo‘lgan texnikalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish tadbirkorlik subyektlari tomonidan ham amalga oshirilishi;
texnikalarga texnik ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi talonlarni berish amaliyotini bekor qilish (xorijiy davlatlarga ishga yuboriladigan texnikalardan tashqari);
eski namunadagi texnik pasport va texnik guvohnoma, davlat raqami belgilari, traktorchi-mashinist guvohnomasini haqiqiy emas deb hisoblash belgilanmoqda.
Qaror bilan, quyidagilar bekor qilinmoqda:
davlat ro‘yxatiga olingan texnikaning mulk egasi o‘zgarganda, texnikani ro‘yxatdan o‘tkazgan inspeksiya organiga kelib texnikani ro‘yxatdan chiqarish;
Maʼlumot uchun: texnikalarni ro‘yxatdan chiqarganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida yig‘im undirilgan.
jismoniy shaxslardan texnikalarni hisobdan chiqarganlik uchun yig‘im undirish;
Maʼlumot uchun: jismoniy shaxslardan texnikalarni hisobdan chiqarganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida yig‘im undirilgan.
texnikani oldi-sotdi va sovg‘a qilishda yoki meros qilib qoldirishda talab qilinadigan texnikaning O‘zagroinspeksiyada ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi TM-1 maʼlumotni talab qilish;
Maʼlumot uchun: TM-1 maʼlumot uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida yig‘im undirilgan, sohani raqamlashtirish, idoralararo elektron axborot almashishni yo‘lga qo‘yilishi hisobiga maʼlumot elektron olinadi.
texnikalarga texnik ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi talonni berish (xorijiy davlatga ishga yuboriladigan texnikalardan tashqari);
eski namunadagi traktorchi-mashinist guvohnomasi yangisiga almashtirishda, shuningdek, yo‘qolgan va yaroqsiz holga kelgan traktorchi-mashinist guvohnomasi o‘rniga yangisini berishda tibbiy maʼlumotnoma, 3x4 hajmdagi rasm va oxirgi bir yilda ishlagan ish joyidan maʼlumotnoma talab qilinadi.
"O‘zagroinspeksiya" Texnika holatini nazorat qilish boshqarmasi