Ру Ўз O`z En

Hududlarda g‘o‘zani mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish ishlari Inspeksiya tomonidan monitoring qilib borilmoqda

1 Iyul 2024 1295

Joriy yilda Respublika hududlarida 1 mln 12 ming 445 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanmoqda.

Bugungi kunda g‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazgan, ayniqsa kultivatsiya, dalani begona o‘tlardan tozalash hamda mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish shuningdek, sug‘orish ishlarini sifatli amalga oshirgan klaster va fermerlarning dalasida g‘o‘za barqaror rivojlanayotganligini kuzatish mumkin.

Inspeksiya tomonidan joylarda o‘tkazilgan monitoringlar davomida, g‘o‘za qator oralariga 6,1 marta ishlov berilib, chopiq qilish ishlari 4,5 marta, g‘o‘zani bargidan oziqlantirish ishlari 4,9 marta va g‘o‘zani 1-sug‘orish ishlari 78 foiz, 2-sug‘orish ishlari 9 foiz maydonlarda amalga oshirildi.

Shuningdek, bugungi kunda g‘o‘za maydonlarining 81 ming gektari yoki 8 foizi shonalash va 436 ming gektari yoki 43 foizi gullash, 433 ming gektari yoki 43 foizi 1-2 ko‘sak, 62 ming gektari yoki 6 foizi gullash fazasida rivojlanmoqda.

Bundan tashqari, paxtadan yuqori hosil olish va yuqori daromadni ko‘zlagan fermer xo‘jaliklari, bugungi kunda azotli o‘g‘itlarning o‘rtacha yillik meʼyorining asosiy qismi bilan g‘o‘zani oziqlantirayotganligi yaxshi natija bermoqda.

Jumladan, Respublika hududlarida g‘o‘zani oziqlantirish uchun mavsum davomida talab etilgan 756 ming 125 tonna azotli o‘g‘itlarning (fizik holda) hozirda 475 ming 729 tonnasi, shuningdek bir gektar g‘o‘za maydoniga beriladigan o‘rtacha 752 kg yillik meʼyorning, 470 kilogramm yoki 63 foizi g‘o‘zaga berilgan.

Ayni paytda, hududlarda g‘o‘za maydonlarini azotli mineral o‘g‘itlar bilan ikkinchi oziqlantirilish (97%) ishlari yakunlanmoqda.  

Inspeksiya tomonidan 13 ming 453 ta monitoring tadbirlari o‘tkazilib, o‘tkazilgan monitoringlar davomida g‘o‘za maydonlarida amalga oshirilayotgan samarali agrotexnik tadbirlar bilan birgalikda, bir qator kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilayotganligi aniqlandi.

Shuningdek, ushbu kamchiliklarni bartaraf qilish va kelgusida ularning oldini olish yuzasidan fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalariga jami 13 ming 256 ta ogohlantirishlar berildi. 

 

Qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish bo‘limi

Text to speech