Ру Ўз O`z En

KELGUSI YIL HOSILI UCHUN PUXTA TAYYORGARLIK!

1 May 2025 57

Urug‘lik don yetishtirish qishloq xo‘jaligi rivoji, umuman, yurtimiz iqtisodiyotini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Katta tajriba, mashaqqatli mehnat evaziga yetishtirilgan urug‘lik don fermer xo‘jaligi uchun daromad manbai bo‘lish bilan birga kelgusi yil hosili mo‘l bo‘lishida ham muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11 sentyabrdagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi to‘g‘risidagi PF-158-sonli Farmonida  Qishloq xo‘jaligida hosildorlik va rentabellik darajasini keskin oshirish belgilab berilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yili Namanganlik ilg‘or bobodehqon fermerlarimiz tomonidan, har gektari 80-90 sentnerdan mo‘l-ko‘l hosil olishib, ichki imkoniyatlardan ortgan holda 1100 tonnadan ziyodroq urug‘lik bug‘doy donlarini muvofiqlik sertifikati olgan holda boshqa viloyatlardagi fermer xo‘jaliklariga yetkazib berilgan edi.

Shu bilan birga Rossiya Federatsiyasidan bizning iqlim va tuproq sharoitiga mos keluvchi super elita, elita urug‘lari olib kelinib, sifatli urug‘lik olish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Joriy yilda viloyatimizda 2025 yil hosilidan 224 ta fermer xo‘jaliklari, elita urug‘lik xo‘jaliklari, ilmiy tadqiqot institutlari va 4 ming 300 gektar urug‘lik g‘alla maydonlarda boshoqli don ekinlarning 16 ta navidan jami 17 ming tonna sifatli sara urug‘lik don tayyorlash rejalashtirilgan.

Inspeksiyaning Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 oktabrdagi 641-sonli qarorining 3-ilovasi bilan tasdiqlangan, “Urug‘lik uchun ekilgan maydonlarda qishloq xo‘jalik ekinlarini aprobatsiya qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablari asosida urug‘lik maydonlaridagi qishloq xo‘jaligi ekinlarining nav tozaligini, zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘t bilan zararlanganligini aniqlash, urug‘lik yetishtirish uchun yaroqli deb topilgan maydonlarda yetishtiriladigan hosil hajmini aniqlash va aprobatsiya dalolatnomalarini rasmiylashtirish tartibini nazarda tutuvchi aprobatsiya  ko‘rigi o‘tkazilishi nazoratga olingan..

Aprobatsiya o‘tkazilishida asosiy e’tibor boshoqli don ekinlarining namuna uchun olingan har bir bog‘lamida boshqa navlar va ajratilishi qiyin bo‘lgan madaniy o‘simliklarning aralashmasi 3 foizdan, ajratilishi qiyin bo‘lgan begona o‘tlarning aralashmasi 2 foizdan yuqori bo‘lmasligi, nav tozaligi 95 foizdan past bo‘lganda, chang qorakuya bilan zararlanish darajasi 0,3 foiz va qattiq qorakuya bilan zararlanish darajasi 0,1 foizdan yuqori bo‘lganda, ajratilishi qiyin bo‘lgan begona o‘tlar poyalari bilan ifloslanish darajasi 2 foizdan yuqori bo‘lganda, ajratilishi qiyin bo‘lgan madaniy o‘simlik turlari bilan ifloslanish darajasi 3 foizdan yuqori bo‘lganda boshoqli don ekinlari urug‘ligi maydonlari yaroqsiz deb topiladi va urug‘lik safidan chiqariladi.

Bundan tashqari, urug‘lik g‘alla maydonlarini alohida ajratilgan kombaynlar yordamida o‘rib olish, urug‘lik donlarni qabuli qilish maskanlarini mavsumga tayyorlash, qayta ishlash korxonalarida urug‘likni qabul qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etish yuzasidan tegishli tavsiya, ogohlantirish va yozma ko‘rsatmalar berildi.

Mazkur Nizom talablari asosida tumanlarda urug‘lik g‘alla maydonlarida sifatli aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazilishida Inspeksiyaning Namangan viloyati boshqarmasi va tuman bo‘lim xodimlari tomonidan doimiy nazorat ishlari olib borilmoqda.

Isomitdinov Nariman Ismanovich

«O‘zagroinspeksiya»ning Namangan viloyati boshqarmasi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini yetishtirilishini nazorat qilish” sho‘basi boshlig‘i

Text to speech