Qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil olish va sifatli mahsulot yetishtirishda kafolatlangan urug‘liklar bilan ta’minlash eng muhim va dolzarb jarayon bo‘lib, aprobatsiya ko‘rigini sifatli o‘tkazilishini talab qiladi.
Surxondaryo viloyati iqlim sharoitida boshoqli don ekinlari urug‘lik maydonlarida dala aprobatsiya ko‘riklari har yili may oyining boshlarida g‘allaning sut, mum pishishi va pishish fazalarida aprobatsiya o‘tkazuvchi komissiyalar tomonidan o‘tkaziladi.
Viloyatda joriy yilda 181 ta fermer, elita urug‘lik xo‘jaliklari hamda Ilmiy tadqiqot institutlarining jami 6758 gektar urug‘lik g‘alla maydonlarida 22157 tonna sifatli va sara urug‘lik don tayyorlash belgilangan.
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktyabrdagi 641-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari asosida urug‘lik g‘alla maydonlarida aprobatsiya ko‘rigining o‘tkazilishiga qat’iy amal qilish, navga xos bo‘lmagan aralashmalari va begona o‘tlar mavjud maydonlarni urug‘likdan chiqarish va yaroqsiz deb topish bo‘yicha navdorlik sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan, serhosil boshoqli don ekinlari navlaridan urug‘lik don jamg‘arishga tayyorgarlik jarayonlari ustidan Inspeksiyaning nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi «Urug‘chilik to‘g‘risida» gi Qonunining tegishli moddalariga asosan «Surxondonmaxsulotlari» AJ don korxonasi va ularga qarashli don qabul qilish maskanlari hamda “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi”ga tizimidagi urug‘lik sexlarining javobgar shaxslariga joriy yilda urug‘lik materiallarini qabul qilishda g‘alla navlarining aralashib ketmasligi uchun alohida joylashtirilishida va saqlanishida me’yorlar talabiga amal qilinishi hamda aprobatsiya komissiyasi rahbarlari nomiga belgilangan talablar asosida dala aprobatsiya ko‘riklarni o‘tkazish bo‘yicha ogohlantirish xatlari berildi.
Maqsad, viloyatda 2026-yil g‘alla hosili uchun navdorlik sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan, serhosil boshoqli don ekinlari navlaridan urug‘lik don jamg‘arish.
“O‘zagroinspeksiya”ning Surxondaryo viloyati boshqarmasi