Qishloq xo‘jaligida dolzarb tadbirlardan biri bo‘lgan g‘alla o‘rimi mavsumi ham boshlanmoqda.
Ayni jarayonda “O‘zagroinspeksiya” tomonidan 2024-yil g‘alla o‘rimi mavsumida qatnashadigan don o‘rish kombaynlarini mavsumga tayyorlash ishlari- yaʼni kombaynlar sozligi, ularning mavsumga shayligi masalalarida o‘tkazayotgan nazorat tadbirlari muhim ahamiyatga ega.
Mavsumni uyushqoqlik bilan tashkil etish maqsadida, joriy yilgi mavsumda respublika bo‘yicha jami 3 008 dona don o‘rish kombaynlarini mavsumga tayyorlash rejalashtirilgan.
Ushbu kombaynlarning 1 061 donasini Keys va Nyu Xolland, 1 587 donasini Klass, 287 donasini Vektor va 73 donasini boshqa yuqori unumli g‘alla o‘rish kombaynlari tashkil etadi.
Bugungi kun holatiga Respublika bo‘yicha jami 2 953 dona yoki 98 foiz kombaynlarni taʼmirlash ishlari yakunlandi.
Taʼmirlash ishlari yakunlanmagan jami 55 dona, jumladan Toshkent viloyatida 27 dona, Qashqadaryoda 21 dona va Buxoroda 7 dona kombaynlarni taʼmirlash ishlari yakunlash choralari ko‘rilmoqda.
Hududlarda "O‘zagroinspeksiya" va Ichki ishlar vazirligi hamda tegishli masʼullardan iborat ishchi guruhlari tashkil etilib, ular tomonidan taʼmirdan chiqarilgan kombaynlar maxsus sertifikat asosida qabul qilib olinmoqda.
Bunda, har bir kombayn 10-15 km masofaga yurgizilib, ularning ishchi organlari ishlatib ko‘rilib texnik ko‘rikdan o‘tkazilmoqda, Shuningdek, kombaynlarni yong‘in xavfsizlik jihozlari bilan to‘liq taʼminlash choralari ko‘rilmoqda.
Taʼmirdan chiqarilgan kombaynlar Surxondaryo, Xorazm va Navoiy viloyatlarida 100 foizga, Sirdaryo, Jizzax, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida 85-90 foizga tayyor bo‘lib, komissiya tomonidan qabul qilib olindi va texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.
Boshqa hududlarda ham taʼmirdan chiqarilgan kombaynlarni maxsus sertifikat asosida qabul qilinib, texnik ko‘rikdan o‘tkazish ishlari davom etmoqda.