Ру Ўз O`z En

Qishloq xo‘jaligi yerlariga oid qonunbuzilishlar nazoratda

13 Mart 2024 1437

"O‘zagroinspeksiya"ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi tomonidan qishloq xo‘jaligi yerlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi natijasida foydalanishdan chiqishiga sabab bo‘lgan holatlar ustidan doimiy tarzda nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

Nazorat tadbirlari davomida qator qonunbuzilishi holatlari aniqlanmoqda. Birgina joriy yilning o‘tgan oyida G‘uzor tumani “A.Tursunov” massivi qishloq xo‘jaligi xaritasining 205q-konturidagi 63 ball bonitetli sug‘oriladigan ekin yer maydonlarida 5 nafar fuqarolar tomonidan jami 0,44 gektar yer uchastkasida qurilishlar qilib, o‘zboshimchalik bilan yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan. Mazkur holatda yetkazilgan zarar miqdori 290 628 625 (ikki yuz to‘qson million olti yuz yigirma sakkiz ming olti yuz yigirma besh) so‘mni tashkil qildi.

Xuddi shunday holat Qarshi tumani “Nasaf” massivi qishloq xo‘jaligi xaritasining 326q-konturidagi 0,05 gektar sug‘oriladigan yer uchastkasida 4 nafar fuqarolar, 245q-konturidagi 0,1112 gektar sug‘oriladigan yer uchastkasida 10 nafar fuqarolar sug‘oriladigan yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallab, noqonuniy qurilish qilganligi sababli, yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan. Mazkur holatda yetkazilgan zarar miqdori hisoblab chiqilganda 87 062 396 (sakson yetti million oltmish ikki ming uch yuz to‘qson olti) so‘mni tashkil qildi.

Shuningdek, Nishon tumani “Guliston” massivi qishloq xo‘jaligi xaritasining 7q-konturidagi suvli yer maydoni fuqaro U.A tomonidan 0,06 gektar yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, 120,0 kv.metr o‘lchamda qurilish ishlarini amalga oshirganligi sababli yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hamda 5 338 700 (besh million uch yuz o‘ttiz sakkiz ming yetti yuz) so‘m zarar yetkazganligi aniqlandi.

Yuqorida aniqlangan yerga oid qonunbuzilishlarning oldini olish hamda yetkazilgan zarar miqdorini undirish bo‘yicha belgilangan tartibda sudlarga daʼvo arizalari kiritilmoqda.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yer turlarini, ayniqsa sug‘oriladigan yer maydonlarini saqlash, noqonuniy egallab olmaslik va o‘zboshimchalik bilan qurilishlarni qilmaslik yuzasidan mahallalarda keng targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

R. Boymurodov Inspeksiyaning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi

Text to speech